
Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori Hilola Umarova “Efekta” kompaniyasining Tijorat strategiyasi bo‘yicha katta vitse-prezidenti bilan uchrashdi.

H.Umarova muloqot chog‘ida kompaniyaning sun’iy intellekt asosidagi ingliz tilini o‘qitish platformasi katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlab, ushbu texnologiyani bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash jarayonida ham qo‘llash, xususan, platformani universitetda pilot tarzda joriy etish taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, tadbirda sun’iy intellekt asosida til o‘rgatish texnologiyalari, ingliz tilini o‘qitish metodikasi va bo‘lajak pedagoglarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan:
- hamkorlik doirasida pedagogika oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun "Efekta" texnologiyalaridan foydalanish va sun’iy intellekt asosida til o‘qitish metodikasi bo‘yicha malaka oshirish dasturlarini tashkil etish;
- yangi bino imkoniyatlaridan foydalangan holda, "Efekta" bilan hamkorlikda zamonaviy til o‘qitish texnologiyalarini namoyish etuvchi va sinovdan o‘tkazuvchi maxsus maydon yoki laboratoriya tashkil etish;
- pedagogik ta’lim uchun maxsus raqamli kontent va metodik materiallarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish;
- pilot loyihalar natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, ushbu tajribani mamlakatimizdagi boshqa pedagogika oliy ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich kengaytirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Ma'lumot uchun: “Efekta Education” sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ta’lim yechimlarini ishlab chiquvchi xalqaro ta’lim-texnologik kompaniya bo‘lib, innovatsion o‘qitish platformalarini taklif etadi.
