O‘zbekiston Respublikasi vizasi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, kirish vizalari bo‘lgan taqdirdagina O‘zbekistonga kirishlari va uning hududi orqali tranzit o‘tishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasining ikki tomonlama xalqaro shartnomalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlarida vizasiz kirish rejimi belgilangan davlatlarning fuqarolari bundan mustasno (bunday davlatlar ro‘yxati va vizasiz rejim muddati to‘g‘risidagi ma’lumot quyida keltiriladi).
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga vizalar O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida viza tasdiqnomasi asosida beriladi (O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining tasdiqnomasi).
Viza O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga taqdim etilgan O‘zbekiston hududida doimiy yoki vaqtincha ro’yxatdan o’tgan yuridik va jismoniy shaxslarning taklifnoma-arizasi asosida rasmiyashtiriladi.
Chet el fuqarolari yuridik shaxslar tomonidan taklif etilganda taqdim etiladigan hujjatlar ro’yxati:
- Tashkilotning rasmiy blankida to‘ldirilgan, o‘rnatilgan namunadagi Viza talabnomasi;
- evisa.mfa.uz saytidan olingan elektron anketa;
- Taklif qilinayotgan shaxsning, tashkilot rahbarining va tashkilotning hujjatlarini topshirishga vakolatli xodimining pasportlari nusxalari;
- Tashkilotning rasmiy hujjatlari nusxalari (litsenziya, sertifikat, guvohnoma va hk.);
- Tashkilot rahbari va vakolatli xodimining ishga joylashish to‘g‘risidagi buyruqlari nusxalari;
- Tashkilotning vakolatli xodimi nomiga berilgan ishonchnoma nusxasi;
- Viza Toshkent shahrining aeroportida olinishi mo‘ljallangan holatlarda - aviachipta yoki bron nusxalari;
- Taklif qilinayotgan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan berilgan mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma.
Investitsion vizasini rasmiylashtirish uchun taklif qiluvchi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yuridik shaxs yuqorida qayd etilgan hujjatlardan tashqari quyidagi ma’lumotnomalardan birini taqdim etishi kerak:
- xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan aksiyalari miqdori to‘g‘risida (“Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasi tomonidan beriladi);
- xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan ulushlari miqdori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalar tashkil etilganligi to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladi).
Jismoniy shaxslar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- O‘rnatilgan namunadagi Viza talabnomasi;
- evisa.mfa.uz saytidan olingan elektron anketa;
- Taklif qilinayotgan va taklif qilayotgan shaxslarning pasportlari nusxalari;
- Ichki ishlar organlari tomonidan olingan taklifnoma ruxsatining asli;
- Viza Toshkent shahrining aeroportida olinishi mo‘ljallangan holatlarda - aviachipta yoki bron nusxalari.
Yuridik va jismoniy shaxslarning o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim qilingan yozma iltimosnomalari 4 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar viza olish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
- pasport yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hujjati (ushbu hujjatlarning amal qilish muddati viza muddatidan kamida 3 oydan ko‘p bo‘lishi lozim);
- 2 nusxada to‘liq to‘ldirilgan viza talabnomasi;
- 2 ta rangli fotosurat (pasport o‘lchamida - 35x45mm).
Tranzit vizasini olish uchun chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda, tashrif buyurgan davlatning vizasi va O‘zbekistondan belgilangan mamlakatga jo‘nash sanasi tasdiqlangan sayohat hujjatlariga ega bo‘lishlari kerak. Bunday holda viza hujjatlarini ko‘rib chiqish muddati 3 kun.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik muassasasi yoki konsullik vakolatxonasi bo‘lmagan davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vizani O‘zbekistonga kelib, Tashqi ishlar vazirligining «Toshkent» xalqaro aeroportidagi viza bilan ta’minlash sektoridan olishlari mumkin. Buning uchun O‘zbekiston hududidagi taklif qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs o‘rnatilgan tartibda oldindan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishi, Konsullik huquqiy departamenti Viza bilan ta’minoti bo‘limidan tegishli tasdiq (shtamp) olishi va uni taklif qilinuvchi shaxsga yuborishi lozim. Mazkur tasdiq taklif qilinuvchi shaxs tomonidan aviachipta xarid qilish va o‘z davlatidagi pasport tekshiruvidan o‘tish paytida taqdim etiladi va ushbu hujjat asosida Tashqi ishlar vazirligining «Toshkent» xalqaro aeroportidagi viza bilan ta’minlash sektorida unga viza rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vizalarni rasmiylashtirish va berish uchun quyidagi konsullik yig‘imlari o‘rnatilgan:
a) Bir martalik vizalar uchun:
7 kungacha — 40 AQSh dollari;
15 kungacha — 50 AQSh dollari;
30 kungacha — 60 AQSh dollari;
3 oygacha — 80 AQSh dollari;
6 oygacha — 120 AQSh dollari;
1 yilgacha — 160 AQSh dollari.
Izoh: har bir qo‘shimcha kirishlar soni uchun tariflar stavkasi 10 AQSh dollariga oshiriladi.
b) Ko‘p martalik vizalar uchun:
6 oygacha- 150 AQSh dollari;
1 yilgacha — 250 AQSh dollari;
2 yilgacha — 300 AQSh dollari;
3 yilgacha — 350 AQSh dollari.
c) Tranzit vizalar uchun:
72 soatgacha — 40 AQSh dollari;
ikki martalik tranzit viza uchun — 50 AQSh dollari.
d) Turistik vizalar uchun:
30 kunga — 40 AQSh dollari.
Izoh: har bir qo‘shimcha kirishlar soni uchun tariflar stavkasi 10 AQSh dollariga oshiriladi.
e) Guruh vizalari uchun (guruhda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari kamida 5 kishi bo‘lishi lozim):
15 kungacha — 15 AQSh dollari (har bir kishi uchun);
30 kungacha — 25 AQSh dollari (har bir kishi uchun).
f) elektron viza:
Bir martalik elektron kirish vizasi uchun - 20 AQSh dollari;
30 kungacha bo‘lgan ikki martalik elektron viza uchun - 35 AQSh dollari;
30 kungacha bo‘lgan ko‘p martalik elektron viza uchun - 50 AQSh dollari;
Guruh elektron vizasini 30 kungacha berish uchun - har bir kishi uchun 20 AQSh dollaridan.
batafsil..
