
Rektor bo‘lajak o‘qituvchilar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetida rektor Zafar Rahmonov ishtirokida "Rektor va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda universitetning iqtidorli talabalari, Prezident va nomdor davlat stipendiyalari laureatlari, respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, nufuzli tanlovlar va sport musobaqalari chempionlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbir davomida Z.Rahmonov universitetda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ta’lim dasturlarini yangilash, ta’lim sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Yoshlar ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, bandlik masalalari, amaliyot mexanizmlarini kuchaytirish va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa mavzularda o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Savol-javob sessiyasi ochiq va samimiy ruhda o‘tdi.
Tadbir so‘ngida turli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh talabalar taqdirlandi.
Teglar
#Olimpiada#Mukofotlash#Rektor#Yoshlar#Raqamlashtirish
